Germaniya to‘laydigan reparatsiya miqdorining kamaytirilishi Fransiyani tashvishga solib qo‘ydi. Buning ustiga AQSH Germaniya qudratini tiklash yo‘lida unga katta yordam ko‘rsatmoqda edi. Shuning uchun ham 1927-yilning aprel oyida Fransiya tashqi ishlar vaziri A. Brian AQSHga urushdan milliy siyosat quroli sifatida voz kechish haqida shartnoma imzolash haqidagi taklif bilan murojaat qildi. Patsifistik kayfiyat hukmron bo‘lgan bir sharoitda AQSH va boshqa davlatlar bu taklifni qabul qilmay ilojlari yo‘q edi. Natijada, 1928-yil davlat vakillari Brian – Kellog (AQSH davlat kotibi) pakti deb atalgan paktni imzoladi. Biroq muhim xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan bu hujjat bajarilmadi. Sovet davlati buyuk davlatlar o‘rtasidagi va ular bilan boshqa davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatlardan ustalik bilan foydalana oldi. G‘arb davlatlari Sovet davlatini yakkalab qo‘yishga intilsalar-da, u 1922-yilning aprel oyida Genuyaga yaqin joy — Rapalloda Germaniya bilan shartnoma imzolashga muvaffaq bo‘ldi. Shartnomaga ko‘ra, tomonlar bir-biriga nisbatan barcha da’volardan, jumladan, qarz va tovonlardan ham voz kechdilar. 1924-yil Sovet davlatini Yevropaning barcha mamlakatlari tan oldilar. Sovet davlati G‘arb davlatlari
bilan tinch-totuv yashash masalasiga sinfiy kurashning xalqaro maydondagi shakli sifatida qarar edi. Shuning uchun ham bu munosabat doimiy emas, G‘arb davlatlari ertami-kechmi harbiy intervensiya uyushtirishi mumkin, deb hisoblardi. G‘arb esa, o‘z navbatida Rossiya va Komintern tomonidan inqilobning eksport qilinishi mumkinligidan cho‘chir edi. Shuning uchun ham ularning o‘zaro munosabatlarida hadiksirash mavjud edi. 1925-yilda Lokarno konferensiyasida imzolangan «Reyn kafolat pakti»ga Sovet davlati keskin norozilik bildirdi. Chunki, bu paktga ko‘ra, buyuk davlatlar Belgiya va Gollandiya chegaralari daxlsizligini kafolatlaganlari holda, bunday kafolat Sharqiy Yevropa davlatlari uchun joriy etilmadi. Sovet davlati esa, o‘z chegaralari xavfsizligini ta’minlash maqsadida, Germaniya, Turkiya, Litva va Afg‘oniston bilan betaraflik to‘g‘risida shartnoma imzoladi.
|