Fransiya Yevropada yagona qudratli davlat bo‘lish uchun kurashardi. Shuning uchun ham u eng ko‘p sonli armiya tuzdi. Biroq uning qudrati bundan keyin qanday bo‘lishi Germaniyaning unga to‘lashi lozim bo‘lgan reparatsiyaga ham bog‘liq edi. Xuddi shu muammo uni xavotirga solar edi. Binobarin, Fransiyaning Yevropa qit’asida yetakchi davlat bo‘lish orzusi mustahkam iqtisodiy tayanchga ega emas edi. Tabiiyki, bunday sharoitda Fransiya xalqaro munosabatlarda qudratli siyosiy omil vazifasini bajara olmas edi. Germaniyadan reparatsiya olish masalasini Fransiyaning yakka o‘zi hal eta olmaganligi buning tasdig‘idir. Shuning uchun ham bu muammoni hal etish tashabbusi AQSH qo‘liga o‘tgan edi. Reparatsiya va Yevropa davlatlarining AQSHga qarzini to‘lashi masalasi bilan shug‘ullanuvchi maxsus Xalqaro qo‘mitaning bu masala borasida 1924-yilda Amerika bankiri Daues rejasini qabul qilganligi shu bilan izohlandi. Daues rejasiga ko‘ra, Germaniya dastlab yiliga 1 mlrd markadan reparatsiya to‘lashi, keyinchalik esa bu raqam 3 mlrd markaga chiqarilishi lozim edi. 1929-yilda bo‘lib o‘tgan Gaaga xalqaro konferensiyasi bu masalada Amerika vakili Yung rejasini qabul qildi. Unga ko‘ra, Germaniya to‘laydigan har yilgi reparatsiya miqdori 2 mlrd marka hajmida chegaralanib qo‘yildi. Reparatsiyaning umumiy miqdori esa kamaytirildi. Jahon iqtisodiy inqirozi boshlangach esa, 1931-yildan Fransiyaning raqiblari taklifi bilan Germaniyaning reparatsiya to‘lash majburiyati to‘xtatib qo‘yildi.
|