Ma’lumki, 20-yillar tarixga «patsifizm erasi» nomi bilan kirdi. Bu hodisa xalqaro munosabatlarda ham o‘z aksini topdi. Shuning uchun ham katta kamchilik va adolatsizliklarga qaramay, Versal — Vashington tizimi o‘zida patsifizm ruhini aks ettirgan edi va bu tizim 20-yillarda xalqaro munosabatlarda vaqtinchalik bo‘lsa-da, nisbatan barqarorlikni ta’minlay oldi. Biroq Versal — Vashington tizimi g‘olib davlatlar o‘rtasidagi hamda g‘oliblar va yengilgan davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatlarni bartaraf etmadi. Aksincha, bu ziddiyatlar tez orada o‘zini to‘la namoyon eta boshladi. AQSH 20-yillarning oxiriga kelib barcha buyuk G‘arb va Sharq davlatlari — Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya va Yaponiya birgalikda ishlab chiqargan sanoat mahsulotlaridan ko‘p mahsulot ishlab chiqara boshladi. Chetga sarmoya joylashtirish miqdori bo‘yicha Buyuk Britaniyaga yetib oldi. AQSHning maqsadi xalqaro maydonda Buyuk Britaniya gegemonligiga chek qo‘yish, Germaniyaning Fransiya tomonidan asoratga solinishiga yo‘l qo‘ymaslik, uni Yevropada Fransiyaga bas keluvchi raqibga aylantirish edi. O‘z navbatida, yengilgan davlatlar va urush natijasida kam o‘lja tekkan mamlakatlar o‘ch olish ishtiyoqida yonmoqda edi. Biroq 20-yillarda ham Yevropada patsifistik kayfiyat va urushga qarshi harakat hali kuchli edi. Buyuk davlatlar hukmron doiralari istaydilarmi, yo‘qmi, bu omil bilan hisoblashishga majbur edilar.
|