Fransiyada, Germaniyadan tashqari, urushda mag‘lub bo‘lgan boshqa davlatlar bilan ham alohida-alohida shartnomalar imzolandi. Chunonchi, Avstriya bilan bunday shartnoma 1919-yilning 10-sentabr kuni Parij yaqinidagi Sen-Jermen saroyida imzolandi. Shartnoma sobiq Avstriya-Vengriya imperiyasi tugatilganligini e’lon qildi.
Avstriya hududi esa sezilarli darajada o‘zgartirildi. Xususan, Janubiy Tirolning bir qismi Italiya ixtiyoriga o‘tkazildi. Chexiya va Moraviya yangi tuzilgan Chexoslovakiya davlatiga qo‘shildi. Bukovina esa Ruminiyaga nasib etdi. Avstriya qo‘shinlarining soni 30 ming kishidan oshmasligi belgilab qo‘yildi. Floti esa Antanta ixtiyoriga o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bundan tashqari Avstriyaning Germaniya bilan qo‘shilishi batamom taqiqlab qo‘yildi. 1919-yilning 27-oktabrida Parijga yaqin Neyi shahrida Bolgariya bilan shartnoma imzolandi. Shartnomaga ko‘ra, Bolgariya hududining katta qismi Yugoslaviya, Gretsiya va Ruminiyaga o‘tdi. Ayni paytda unga 2,5 mlrd oltin frank kontributsiya to‘lash majburiyati yuklandi. Bolgariya qurolli kuchlarining soni 20000 kishidan oshmasligi belgilandi. 1920-yilning 4-iyulida Versal saroyining Trianon zalida Vengriya bilan shartnoma imzolandi. Shartnomaga ko‘ra, Vengriya o‘z hududining ancha qismidan mahrum etildi. Chunonchi, Xorvatiya, Bachka va Banatning g‘arbiy qismi Yugoslaviyaga o‘tdi. Ruminiyaga Transilvaniya va Banatning sharqiy qismi berildi. Chexoslovakiya ham esdan chiqarilmadi. Unga Slovakiya va Karpatorti Ukrainasi nasib etdi. Vengriyaga berilgan og‘ir zarbadan biri — bu uning dengizga chiqish imkoniyatidan mahrum etilganligi bo‘ldi. Vengriya 30 ming kishidan ortiq qurolli kuchga ega bo‘la olmas edi. Antanta davlatlari 1920-yilning 10-avgustida Fransiyaning Sevr shaharchasida Turkiya bilan shartnoma imzolashdi. Shartnomaga ko‘ra, Turkiyaga 1914-yilning 1-avgustigacha qaram bo‘lgan hududlar to‘rtdan uch qismga kamaydi. Turkiya hududi Kichik Osiyo va Istambul shahrini o‘z ichiga olgan Yevropadagi ozgina joy bilan cheklab qo‘yildi. Istambul shahri poytaxt sifatida qoldirildi. Biroq g‘olib davlatlar, agar Turkiya Sevr shartnomasi talablarini bajarishdan bosh torta boshlasa, bu qarorni qayta ko‘rib chiqish huquqiga ega edilar. Qora dengiz bo‘g‘ozlarining barcha davlatlar savdo va harbiy kemalari uchun ochiq ekanligi belgilab qo‘yildi. Turkiyani bo‘g‘ozlardan o‘z harbiy kuchlarini olib chiqib ketishga majbur etishdi. Aslida bu shartlar bo‘g‘ozlar ustidan Buyuk Britaniya, Fransiya va Italiya nazorati o‘rnatilishiga imkon berdi. Turkiya o‘z flotini Antanta ixtiyoriga topshirishi zarur edi. Bu ham yetmaganidek, Sevr shartnomasi g‘olib davlatlarga Turkiyaning moliyasi va butun iqtisodiyoti ustidan nazorat o‘rnatish huquqini berdi. Turkiya armiyasining soni 50 ming kishidan oshmasligi belgilandi. Sevr shartnomasi Turkiyaga Antanta davlatlarining yarim mustamlaka tartibini o‘rnatdi. Birinchi jahon urushi tugagandan keyin Yevropada xalqaro kuchlarning yangi nisbati belgilangan Versal tizimi shu tariqa shakllandi. Bu tizim Yevropa siyosiy xaritasini qayta qurish va dunyoni qayta bo‘lib olishni huquqiy jihatdan rasmiylashtirishning o‘ziga xos shakli edi.
|