Millatlar Ittifoqi (Millatlar Ligasi ham deyishadi) — bu, dunyo davlatlarining xalqaro tashkiloti edi. Tashkilotning asosiy vazifasi — tinchlikni va xalqaro xavfsizlikni ta’minlashdan iborat bo‘lishi kerak edi. Bunday tashkilotni tuzish tashabbusi bilan AQSH Prezidenti V. Vilson chiqdi va bu uning 14 moddali tinchlik dasturida o‘z ifodasini topgan edi. Antantaning yetakchi davlatlari (Buyuk Britaniya va Fransiya) bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. 1919-yilning 14-fevral kuni dunyoning 44 davlati tashkilotning Nizomi (4 ustavi)ni tasdiqladilar. Tashkilotning oliy organi Assambleya edi. Uning ishida barcha a’zo davlatlar ishtirok etardi. Assambleyalar oralig‘ida Ittifoqning ishiga Ittifoq Kengashi rahbarlik qilardi. Unga katta vakolatlar berishgan edi. Besh davlat (AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Yaponiya) Kengashning doimiy a’zolari edi. Nizom agressor davlatga nisbatan birgalikda harbiy va iqtisodiy sanksiyalar (choralar) qo‘llashni ham ko‘zda tutardi. Biroq Nizomda qanday davlat agressor davlat deyiladi, degan savolga aniq javob yo‘q. Bu esa har bir davlatga xalqaro nizomlar xarakterini o‘zicha talqin etish imkonini beradi. Millatlar Ittifoqi o‘zi faoliyat ko‘rsatgan 1946-yilgacha amalda biror marta ham jazo choralarini qo‘llay olmadi. Bunga Ittifoqning amalda Buyuk Britaniya va Fransiya siyosatining quroliga aylanib qolganligi sabab bo‘ldi. (AQSH kongressi Versal shartnomasini tasdiqlamaganligi uchun Ittifoq a’zoligidan chiqqan edi.) Nizomda uning a’zolari zimmasiga «barcha a’zolarning hududiy yaxlitligini hurmat qilish va asrash» vazifasi ham yuklatilgan edi. Biroq amaldagi Ittifoqning hech bir a’zosi bu vazifani bajarishga astoydil intilgan emas. Millatlar Ittifoqining Nizomida «Mandat tizimi» deb atalgan xalqaro huquqning yangi bir normasi belgilab qo‘yildi. Unga ko‘ra, Millatlar Ittifoqi mustamlaka bo‘lib kelgan yoki bo‘lib qolayotgan hududni boshqarish huquqini u yoki bu davlatga topshirishi mumkin edi. Bunday huquqni olgan davlat o‘sha mustamlakani mustaqillikka tayyorlashi lozim edi. Aslida bu ayyorona tizim mustamlakalarni bo‘lib olish siyosatini niqoblovchi mash’um vosita vazifasini o‘tadi.
|