Katta uchlik davlatlari garchand To‘rtlar ittifoqiga qarshi urushda ittifoqchi bo‘lgan bo‘lsalar-da, ularning har biri Parij konferensiyasi qarorlari aynan o‘zlarining maqsadlariga mos kelishini istar edilar. Xususan, AQSH o‘zini dunyoning yetakchi davlati, Yevropa davlatlariga bergan qarzi hamda Birinchi jahon urushining Antanta foydasiga hal bo‘lishiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, Vilson ilgari surgan tinchlik dasturi AQSHga jahonni ma’naviy idora qilish huquqini beradi, deb hisoblar edi. AQSH Buyuk Britaniya va Fransiya Yevropa siyosatini belgilovchi davlatlar bo‘lib qolishini istamas, shuning uchun Germaniya butunlay kuchsizlantirilgan holatga tushirib qo‘yilishiga qarshi edi. Buyuk Britaniya Germaniyaning dengiz va iqtisodiy qudratini sindirganligini o‘zining katta yutug‘i deb hisoblardi. Germaniyaning sobiq mustamlakalarini o‘z imperiyasi tarkibiga qo‘shib olishga intilardi. Ayni paytda Fransiyaning Germaniya hisobiga kuchayishini ham istamas edi.
Shuning uchun Fransiya Bosh vaziri J. Klemansoning Buyuk Britaniya Bosh vaziri D. Lloyd-Jorjga: «G‘alabadan keyin darhol Britaniya bizning dushmanimiz bo‘lib qoldi»,— deb ta’na qilganligi bejiz emas. Bunga javoban Lloyd-Jorj Klemansoga qarab kulib turib: «Britaniyaning siyosati shunday emasmi?» — deb javob qaytarganligini tarix unutgan emas. Lloyd- Jorj Fransiya kuchayib ketishining hamda bolsheviklar solishi mumkin bo‘lgan xavfning oldini olish maqsadida kuchli Germaniyaning saqlanib qolishidan manfaatdor edi. Bundan tashqari, Buyuk Britaniya AQSHning jahon siyosatida tutgan o‘rni, shuningdek, harbiy-dengiz qudrati tobora oshib borayotganligidan tashvishda edi. Biroq bu jarayonning oldini olishga qodir emas edi. Chunki AQSH Buyuk Britaniyani qarz beruvchi davlatdan qarzdor davlatga aylantirib qo‘ygan edi. Buning ustiga iqtisodi tobora kuchsizlanib, moliyasi va savdosi izdan chiqib bormoqda edi. Fransiya katta uchlik ichida eng ko‘p zarar ko‘rgan davlat edi. Chunki urush harakatlari uning hududlarida olib borilgan edi. Ayni paytda u ham qarz beruvchi davlatdan qarzdor davlatga aylanib qoldi. Bu ham yetmaganidek, Sovet hukumati podsho Rossiyasining chet davlatlardan olgan qarzini to‘lashdan bosh tortganligi Fransiya uchun qattiq zarba bo‘ldi. Chunki chor Rossiyasi eng ko‘p qarzni Fransiyadan olgan edi. Shuning uchun ham u barcha yo‘qolgan boyliklari o‘rnini Germaniya hisobidan qoplashni istar edi. Bundan tashqari, Fransiya Germaniyaning nihoyatda kuchsizlantirilishi tarafdori edi. Fransiya nafaqat Germaniya bir vaqtlar undan tortib olgan hududlarini qaytarib olishni, ayni paytda Germaniyaning Saar ko‘mir havzasi va Reyn daryosining so‘l sohilidagi yerlarni ham qo‘shib olishni istar edi. Shuningdek, Fransiya Yevropaning Ruminiya, Chexoslovakiya va Polsha kabi davlatlaridan kelgusida Germaniyaga qarshi o‘ziga xos bir ittifoq tuzish niyatida ham edi. Ayni paytda Fransiya hukmron doiralarining rejasiga ko‘ra, bu davlatlar Sovet Rossiyasiga qarshi kurashda ham asqotishi lozim edi. «Katta uchlik» esa Sovet Rossiyasiga qarshi kurash masalasida yagona fikrda edi.
|