Fransiya Bosh vaziri Jorj Klemanso tinchlik shartnomasi shartlarini ishlab chiqish bo‘yicha xalqaro konferensiyaning Parij shahrida o‘tkazilishini qattiq turib himoya qildi, va nihoyat, u o‘z maqsadiga erishdi. Parij konferensiyasi 1919-yilning 18-yanvar kuni o‘z ishini boshladi. Konferensiya ochilishining aynan shu kunga belgilanganligi bejiz emas edi. 1870— 1871-yilgi Fransiya—Prussiya urushida g‘olib Prussiya bilan yengilgan Fransiya o‘rtasidagi shartnoma aynan shu saroyda imzolangan va 18-yanvar kuni shu saroyda Germaniya imperiya deb e’lon qilingan edi. G‘oliblar Germaniyani tahqirlash uchun aynan shu kuni konferensiya ishini boshladilar. Germaniyani tahqirlashdan Fransiya ayniqsa manfaatdor edi. Shuning uchun ham konferensiyani kirish so‘zi bilan ochgan Fransiya Prezidenti A. Puankare o‘z so‘zida, jumladan, bunday degan edi: «Adolatsizlik bilan vujudga kelgan Germaniya imperiyasi o‘z hayotini baxtsizlikda tugatdi». Tinchlik konferensiyasida 27 davlat vakillari qatnashgan bo‘lsa-da, amalda barcha asosiy masalalar «katta uchlik» deb atalgan (AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiya) davlat rahbarlari tomonidan hal etildi. Ularning ichida Fransiya Bosh vaziri Jorj Klemanso o‘zining jo‘shqin nutqlari bilan ajralib turar va o‘ta qiziqqonligi tufayli «yo‘lbars» degan laqab olgan edi. Konferensiyaga to‘rtlar ittifoqi davlatlari hamda Sovet Rossiyasi taklif etilmadi.
|