Sizga 9-sinf darsligidan ma’lumki, Birinchi jahon urushi 1918-yil 11-noyabrda Germaniyaning Antantaga taslim bo‘lishi bilan tugadi. Shundan so‘ng urush aybdori bo‘lgan German bloki davlatlari bilan yetkazilgan zararni qoplash va shartnoma tuzish uchun tayyorgarlik boshlandi. Ko‘p asrlardan beri urush g‘olibi bo‘lgan davlat yoki davlatlar guruhi bilan yengilgan davlat yoki davlatlar o‘rtasida shartnoma imzolangan. G‘olib tomon yengilgan tomonga o‘z xohish-istagini o‘tkaza olgan, albatta. Birinchi jahon urushi ham bundan mustasno bo‘lmadi. G‘olib Antanta bilan mag‘lub To‘rtlar ittifoqi o‘rtasida imzolanadigan tinchlik shartnomasining matnini tuzish uchun Fransiya poytaxti Parij shahriga 27 davlat delegatsiyasi to‘plandi. Ular Versal saroyida imzolangan tinchlik shartnomasini ishlab chiqish ustida bir yil ishladilar. V. Vilsonning «14 moddasi» asosida Versal saroyida 5 ta davlat (Germaniya, Avstriya, Vengriya, Bolgariya va Turkiya) bilan imzolanadigan 5 ta shartnoma matni tayyorlandi. Shu 5 ta shartnoma birgalikda «Versal tizimi» deb ataldi. Buyuk davlatlarning Osiyo va Tinch okean havzasidagi munosabatlarini tartibga solish maqsadida 1921—1922-yillarda Vashington shahrida 9 ta davlat ishtirokida konferensiya o‘tkazildi. Bu konferensiyada uchta shartnoma imzolandi. Shu tariqa Versal — Vashington tizimi nomi tarixda qoldi.
|