An'anaviy matbuotning muayyan ma'noda "nonini yarimta qilgan" "sariq matbuot" qanday yuzaga kelganiga hech qiziqib ko‘rganmisiz? Bugun Nyu-York ostonasida savlat to‘kib turgan mashhur "Ozodlik" haykali homiysi aynan gazeta ekanidan boxabarmisiz? Kolumbiya universitetidagi jurnalistlar tayyorlovchi nomdor markaz haqida bilasizmi? Adabiyot, drama, matbuot, musiqa, ta'lim yo‘nalishlaridagi ijodiy ishlarni rag‘batlantiruvchi nufuzli mukofotni-chi?..
Bu olamshumul hodisalarning o‘zaro bog‘liqligi nimada? Ehtimol, hech ikkilanmay Amerika Qo‘shma Shtatlari, deya javobga oshiqayotgandirsiz? Bu javob ham mantiqan to‘g‘ri. Shunday bo‘lsa-da, ular boshqa bir nom ustida tutashadilar. Xo‘sh, Amerikani ana shunday yutuqlarga "vatan" qilgan kim?
Mediabiznes ixlosmandlari hamda xususiy matbuot egalarining ko‘pdan beri diqqat markazida bo‘lgan ulkan media-imperiya oxir-oqibat shiddatli raqobatga bardosh bera olmadi. Yo‘q, gap bugungi kunning eng katta mediahukmroni Merdoklar haqida emas. (Bu sulola faoliyati hamon izchil davom etmoqda.) Aksincha, so‘z Sent-Luisda joylashgan "St.Louis Post-Dispatch" va "Arizona Daily Star" kabi ikki yirik gazeta, yana AQSh hududidagi o‘n ikki kundalik, bir necha haftalik nashrlarni o‘z ichiga olgan Pulitser kontserni xususida.
U endilikda Merdoklar korporatsiyasi kabi matbuot olamining gigantlari bilan bellasha olmay qoldi. Shunday bo‘lsa-da, uning yaxshigina tushumbaror "o‘lja" bo‘lishiga ishongan "New York Times" va "Gannett Newspapers"("USA Today" egalari)ning kontsernga qiziqishi katta edi. Aynan ular "Pulitser"ning bo‘lajak xo‘jayinlari sifatida taxmin qilinib, jamoatchilik og‘ziga tushishga ham ulgurdilar. Biroq, Amerikaning eng keksa va mashhur bu davriy matbuot kontserni "Lee Enterprises" kompaniyasi tomonidan 1,46 milliard dollarga sotib olindi. Afsonaviy jurnalist, noshir Jozef Pulitser (Joseph Pulitzer) asos solgan ushbu kontsern qachonlardir zamonaviy jurnalistikaga tamal toshini qo‘ygan edi va u qariyb bir asrdan ziyodroq vaqt mobaynida avlodlarining asosiy daromad manbai bo‘lib keldi.
Mashhur sulola faoliyatining barham topayotgani achinarli hol, albatta. Vengriyalik yahudiy muhojir Jozef Pulitser asos solgan kompaniyaga vorislikni uning o‘g‘li, keyinroq esa nevarasi davom ettirdi. Shuni ta'kidlash joizki, ularning har ikkalasiga serdaromad kompaniya bilan bir qatorda, bobosining ismi ham meros bo‘lib o‘tgan edi. 1993 yili Jozef Pulitser III vafotidan keyin kompaniya aktsiyalarining katta qismiga (49,6 foizi) uning 71 yoshli bevasi Emili Rauh-Pulitser egalik qiladi. Shundan so‘ng oilaning kompaniyadagi faoliyati deyarli sezilmay qoldi. Marhumning o‘g‘li Jozef Pulitser IV esa, oilaviy biznesdan 1995 yiliyoq voz kechgandi.
Jozef Pulitser o‘z saltanatini 1878 yili barpo etdi. Hech bir sulola bu qadar matbuot biznesining yaqqol timsoli bo‘la olmagan. Ha, o‘sha xira ko‘ruvchi daroz, jizzaki venger muhojiridan bo‘lak hech kim! Jozef Pulitser Uilyam Rendolf Hyorst bilan basma-bas jurnalistikaning yangi va munozarali namunasini yaratdi. U xalq tomonidagi jamoat ishlarining faol ishtirokchisi hamda demokratiya vakili sifatida o‘zini ko‘rsatdi. Monopoliyalar jabrdiydalari bo‘lmish mehnatkashlarni qo‘llab-quvvatlab, siyosiy korruptsiyani fosh etishda o‘z hissasini qo‘shdi. Jurnalistika tirikchilik uchun maqbul yo‘l hisoblanmagan bir paytda Pulitser bu sohaga bo‘lgan munosabatni, jamoatchilik fikrini butunlay o‘zgartirib yubordi.
Ofitsiant, podachi, hammol...
|