«Dunyoning beshta oliy ta'lim dargohi borki, ular uzoq o‘tmishdan bugungi kungacha eng nufuzli deb tan olinadi. Bu Kembrij, Oksford, Garvard, Sorbonna va MDU universitetlaridir», degan gap-so‘zlarga duch kelganimdan so‘ng ular haqiqatga qanchalik yaqinligini bilmoqchi bo‘ldim. Lekin bir qancha manbalarda bu gaplar u darajada haqiqatga yaqin emasligi ma'lum bo‘ldi. Dunyo miqyosidagi oliy o‘quv yurtlar nufuzini belgilab beruvchi quyidagi ikkita eng mashhur ro‘yxatlarni o‘rganish asosida zamonamizning yetakchi universitetlari aslida qaysilari ekanini bilishga imkon tug‘ildi.
Yetakchilik - okean orti vakillarida
Szyao Tun Shanxay universitetining oliy ta'lim instituti ma'lumot berishicha, har yili mazkur institut tomonidan dunyoda har tomonlama eng yaxshi va yetakchi deb tan olingan universitetlar ro‘yxati tuziladi. Bundan ko‘zlangan maqsad Xitoy oliy ta'lim dargohlari va jahonning boshqa nufuzli universitetlari qiyosiy tahlilini o‘tkazish edi. Bugungi kunda Szyao Tun reytingi jahonning ko‘plab oliy ta'lim maskanlari o‘rin olishni istagan eng obro‘li ro‘yxat hisoblanadi.
Aytish joiz, mazkur reytingni tuzish metodikasi juda oddiy: unga ko‘ra, oliy ta'lim muassasalari bir nechta ko‘rsatkich asosida baholanadi. Bularga birinchi galda universitetlarda o‘tkazilgan tadqiqotlar va turli mukofotlarga sazovor bo‘lgan bitiruvchilar hisobga olinadi. Shuningdek, mutaxassislar oliy o‘quv yurti hududining kengligi va «Nature And Sciences» («Tabiat va ilm») jurnalida chop etilgan materiallarning ko‘pligini ham e'tiborga olishgan.
Mana, bir necha yillardan buyon mazkur reytingning eng yuqori pog‘onasini bitta oliy o‘quv dargohi bo‘shatmay kelyapti. Bu yil ham o‘tgan yildagidek yo‘lboshchilik qilayotgan ushbu oliy ta'lim maskani Garvard universitetidir. Keyingi o‘rinlarga Stenford va Kaliforniya-Berkli universitetlari mustahkam o‘rnashib olgan. Kuchli o‘ntalikka jami bo‘lib AQShdagi sakkizta oliy ta'lim muassasasi: Massachusets (5-o‘rin), Yel (6-o‘rin), Kolumbiya (7-o‘rin), Prinston (8-o‘rin) va Chikago (9-o‘rin) universitetlari kirgan. Ularga Yevropaning eng qadimiy ilm dargohlari Kembrij (4-o‘rin) va Oksford (10-o‘rin) hamrohlik qilmoqda.
Jahonning eng kuchli yuzta oliy ta'lim dargohlari ro‘yxatida universitetlarning ko‘pligi bo‘yicha Amerika Qo‘shma Shtatlari birinchi o‘rinda turadi. Bu mamlakatning 54 ta oliy o‘quv dargohi nufuzli reytingdan joy olgan. Ikkinchi o‘rinda 11ta ta'lim maskani ko‘rsatkichi bilan Buyuk Britaniya turibdi. Yaponiya, Germaniya, Kanada, Frantsiya va Shveytsariya mamlakatlari 4tadan «vakillari» bilan safning keyingi pog‘onalarida. Kuchli yuztalikda bittadan universiteti bilan qatnashgan davlatlar bu - Isroil, Daniya, Norvegiya, Finlyandiya va Rossiya. Har bir reytingda birinchi pog‘onada
Aslida ko‘pgina rivojlangan mamlakatlarda yil yakuniga kelib qator ta'lim nashrlarida eng yuqori ko‘rsatkichlarga ega o‘quv yurtlari ro‘yxati qayd etiladi va turli reytinglar e'lon qilinadi. Barcha turdagi ilm maskanlarida esa ana shunday ro‘yxatlarning birinchi pog‘onalarini egallash uchun butun o‘quv yili davomida astoydil mehnat qilinadi.
«Tayms xayer edyukeyshn sapliment» («Times» gazetasining oliy ta'lim bo‘yicha ilovasi)da ham har yili dunyoning 200ta eng nufuzli oliy o‘quv yurti nomi ma'lum qilinadi. Szyao Tun reytingi kabi mazkur ro‘yxatdan o‘rin olish ham universitetlar obro‘sini belgilab beradi. To‘rtinchi bor tuzilayotgan ushbu ro‘yxatda 28 mamlakat universitetlari o‘rtasida AQSh va Buyuk Britaniya oliy ta'lim dargohlari yetakchilik qilmoqda.
Kuchli yuztalik universitetlari jadvali Osiyodagi oliy o‘quv yurtlari hisobiga ancha boyidi: bu safar ularning soni 13taga yetdi. Yana bir e'tiborli tomoni: ushbu reytingni tuzish uchun nashr xodimlari besh mingdan ortiq o‘qituvchi-professor va bir yarim mingga yaqin obro‘li ish bilan ta'minlovchi tashkilot vakillaridan so‘rov o‘tkazgan. Mahalliy va xorijiy talabalar o‘rtasidagi munosabat ham o‘rganilgani alohida e'tiborga loyiq.
Maxsus ilovada e'lon qilinadigan ushbu ro‘yxatni tuzishda 88 mamlakatdan 1300 nafar akademik ishtirok etgan. Reytingning eng yuqori ko‘rsatkichi 1000 balga teng bo‘lib, u Garvard universitetiga berildi. Chunki aynan mazkur universitetning professor-o‘qituvchilaridan qirq nafari Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Shu paytgacha Yer yuzidagi boshqa biron-bir oliy ta'lim dargohi o‘zining yutuqlari bilan Garvard universitetiga yaqin kelolmagan. Hatto undan keyingi o‘rinda turgan Kaliforniya-Berkli universiteti ham 120 ball kam jamg‘argan.
Bundan tashqari, sayyoramizning eng intellektual shahri sifatida Kembrij (AQSh, Massachusets shtati) tan olindi. Dunyoning yetakchisi Garvard hamda uchinchi pog‘onadagi Massachusets texnologik universitetlari ham aynan shu shaharda ekanini aytishning o‘zi ortiqcha izohga hojat qoldirmaydi. Ilmiy potentsial bo‘yicha ikkinchi deb e'tirof etilayotgan yana bir hudud Kaliforniya bo‘lib, u yerda Kaliforniya, Stenford va Kaliforniya texnologiyalar universitetlari mavjud.
Agar faqat Yevropa qit'asini oladigan bo‘lsak, u holda Buyuk Britaniya oliy o‘quv yurtlari ta'lim sifati bo‘yicha qolgan barchasini ortda qoldirmoqda. Qiyos uchun ma'lumotlarga e'tibor bering: Yevropaning 50ta eng nufuzli oliy o‘quv dargohlari safidan 18ta pog‘onani, kuchli o‘ntalikdagi 6ta o‘rinni ham aynan ushbu davlat universitetlari egallagan. E'tirof
Ayni paytda ta'lim sohasidagi yetakchi mamlakatlardan hisoblanadigan Ispaniya, Portugaliya, Italiya va Gretsiya kabi davlatlarning birorta ham universitetlari mazkur reyting talablariga mos kelmagani uchun ro‘yxatga kiritilmagan. Angliya universitetlaridan tashqari faqatgina bitta universitet - Syurix texnologiyalar federal instituti (Щveytsariya) kuchli yigirmatalikdan joy olgan. Kuchli elliktalikda esa Frantsiyaning ikkita - Ekol politexnik va Ekol supereur hamda Germaniyadagi Xaydenburg universitetlari ham bor.
Bir yangilik: shu paytgacha yuksak e'tirofda bo‘lib kelgan Yevropa universitetlariga Osiyo va Avstraliya oliy ta'lim dargohlari raqobatchi bo‘la olishini isbotlaydigan davr kelayotganga o‘xshaydi. O‘tgan yilda dunyo reytingiga Tokio universiteti (12-o‘rin), Pekin universiteti (17), Kioto universiteti (29), Gonkong universiteti (39), Hindiston texnologiyalar universiteti (41) va Singapurning Nanyang universiteti (50) kiritilishi Osiyoda ham yuqori sifatli ta'lim beruvchi maskanlar ko‘payayotganidan dalolat.
Avstraliyaning esa oltita oliy o‘quv yurti mustahkam o‘rniga ega bo‘lib, ularning orasida eng yaxshisi Avstraliya milliy universiteti e'tirof etilgan (dunyo miqyosida 16-o‘rinda).
Ma'lumki, mamlakatimizning tashqi xalqaro aloqalarining mustahkamlanishi tufayli endilikda har bir yosh o‘zi tanlagan xorijiy universitetda tahsil olish imkoniga ega. Shu sabab, jahonning yetakchi universitetlaridan birida o‘qib, xalqaro ta'lim standartlariga javob beradigan darajada ilmli bo‘lishni orzu qilayotgan yoshlarga biz yuqorida keltirgan ro‘yxatni bir ko‘zdan kechirib chiqish foydadan xoli bo‘lmaydi, degan fikrdamiz.
Nargiza Ibrohimova «Ma’rifat» gazetasidan olindi.
|